by Admin

    “OLTIN HALQA” KUCHI YOXUD O‘ZINGIZGA “NIMA UCHUN” DEYA SAVOL BERING

    Hamkasblar, xodimlar va hamkorlarni ruhlantirish san’ati – bu sizning, tadbirkor sifatida amalga oshirishingiz kerak bo`lgan eng muhim vazifalaringizdan biri, shunday emasmi? Siz, albatta, qo’l ostingizdagi xodimlar istaganingizdek harakat qilishini va samarali ishlashini xohlaysiz. Nima sababdan iste’molchilar, biror brend yoki kompaniyani boshqalaridan afzal ko‘rishini bilasizmi? Siz o’zingiz nima uchun aynan u yoki bu savdo markasini ma’qulroq ko‘rasiz?

    Ushbu savollarning javobi, o‘z brendingizni qay yo‘sinda pozitsiyalashtirayotganingiz yoki biznesingizni aynan nima uchun yuritayotganligingizda ko‘rinadi. Biznesingizning o‘ziga xosligi, ya’ni sizning kim ekanligingiz, nima bilan shug‘ullanayotganingiz, missiyangizning qandayligi biznesdagi muvaffaqiyatingizni belgilaydi. Ayni vaziyatda Siz Simon Sinekning “Nima uchun”dan boshlang” kitobidagi tamoyillar ketma-ketligi bilan tanishib chiqishingiz zarur.

    “Nima uchun”dan boshlang” tadbirkor o’zi mo’ljallagan auditoriya va shaxsan o‘zining qalbiga qarashni, uning xohish-istaklarini anglashni o’rgatadi. Ushbu asar odamlar nima uchun ayni brendni afzal deb bilishi va sotib olishi sabablarini tushuntirishni maqsad qiladi.

    “Ichkaridan” fikrlash

    Marketologlar va biznes egalari mahsulot ishlab chiqarishda yoki xizmatlar taklif etishda, avvalo, o‘z xaridorlarining xohish va istaklarini o‘rganadilar va hisobga oladilar. Siz xaridorlarga avvalgilaridan yangilangan, yaxshilangan mahsulot taklif etasiz va bu ishingiz xaridorlar brend, tovar va xizmatlaringizni yoqtirib qolishlariga, sizga nisbatan ishonch va hurmatning oshishiga sabab bo’ladi, deb o’ylaysiz, shunday emasmi?

    Simon Sinek bunday deb hisoblamaydi. U o’z asarida yozishicha, xaridorlar sizning kim ekanligingiz va biznesingizni aynan nima uchun yuritayotganingizga, asl maqsad va muddaolaringiz qandayligiga ko‘proq qiziqishadi. Sizning mahsulotingiz va xizmatingiz faqatgina sizni har kuni nima uchun erta bilan turib ish boshlashingiz sababining natijasi xolos.

    Simon “tashqaridan” fikrlash – mehnatingiz natijasini qanday qilib bo’lmasin xaridorlar xohish-istaklari bilan bog’lashga urinishdan ko’ra “ichkaridan” fikrlashni, ya’ni o‘z faoliyatimizni aynan nima sababdan amalga oshirayotganimizni va qanday maqsadlarni ko’zlayotganimizni aniq belgilab olishni taklif etadi.

    Odamlar Apple kompyuterlarini boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotidan texnik jihatdan ustun bo’lgani uchun emas, balki Apple kompaniyasi o’z oldiga qo’ygan maqsadlarini  baralla aytayotganliklari uchun sotib olishmoqda.

    Apple oddiy brendlardan biri bo‘lganda o‘zini qanday reklama qilgan bo‘lardi:

    Biz eng yaxshi kompyuterlarni ishlab chiqaramiz. Biz ishlab chiqargan kompyuterlar chiroyli va foydalanish uchun juda qulay. Sotib olishni istaysizmi?

    Apple brendi haqiqatda o‘zini qanday reklama qilayapti:

    Biz qanday ishga qo‘l urmaylik doimo “status-kvo”ga (ingliz tilidan holat yoki vaziyatning bugungi kundagi ko‘rinishi) tanqidiy yondashamiz.

    Apple bor-yo’g’i ma’lumotlarni tog’ri tartibda taqdim etmoqda: ushbu ma’lumot “nima uchun” degan savolga javob berishdan, ya’ni kompaniyaning yuksak maqsadi, g’oyasi nimadan iboratligini aytishdan boshlanadi. Shu tariqa Apple o’z mahsulotlarini (kompyuterdan to mayda elektrotexnikagacha) sotishi foyda olish uchun emas, balki yuksak maqsadni amalga oshirish yo’lida amalga oshirayotgan faoliyatning oddiy bir moddiy ko’rinishi sifatida namoyon bo’ladi.

    Kompaniya moddiy tovarlaridan ularning brendi, mahsuloti va g‘oyasi boshqalarnikidan yaxshiroqligini ko’rsatish, tasdiqlash uchun foydalanadi. “Ichkaridan” fikrlashda “nima uchun” faqat xarid sababi, “nima” esa shunchaki yuksak ishonchning ko‘rinarli isboti bo’lishga xizmat qiladi. Apple ning raqobatchilarida esa faqatgina mahsulot bor. Mahsulotlari Apple nikidan yaxshiroq bo’lishiga qaramay, aniq maqsad, g’oyaga ega bo’lmaganliklari uchun doim Apple ga yutkazishadi.

    apple

    Oltin halqanima degani?

    Muallif, insonlar xulq-atvoridagi tartib va o’ziga xosliklarni aniqlovchi bu usulni “Oltin halqa” deb ataydi. Oddiyroq aytganda, bu usul nima qilayotganingiz (nima faoliyat bilan shug‘ullanayotganingiz) va ayni faoliyatni nima uchun qilayotganingizni tushunishga yordam beradi.

    Dunyodagi barcha kompaniya nima bilan shug’ullanayotganini biladi, aks holda uni biznes deb atab bo’lmasdi. Siz, umumiy jihatdan qaraganda, raqobatchilardan ayni qaysi jihatdan ajralib turasiz – misol uchun sizning noyob tijorat taklifingiz, (ruschada, уникальное торговое предложения) haqiqatda boshqalarnikidan keskin farq qiluvchi xususiyatga egami?

    Har qanday odam ham nima qilayotganini va ayni faoliyatni nima uchun qilayotganini – misol uchun o‘z “vazifasi nima ekani, bajarayotgan faoliyatining mazmuni nima ekani, chin dildan aynan nimani istayotganini” aniq bilmaydi. Siz “Vazifangiz qanaqa? Sizning faoliyatingizning mazmuni nimadan iborat?” degan savollarga ikkilanmasdan javob bera olasizmi?

    Tadbirkorlarning aksariyati “tashqaridan” fikr yuritadi va o‘z biznes faoliyati haqida gapirganda “nima” degan savolga javob berish bilan cheklanadi.

    Ammo faoliyatini “nima uchun” deb boshlovchi marketolog va biznesmenlar, mahsulotlarini maroq bilan sotadi, xaridor va xodimlarini biznes faoliyatining muhimlilik, yaxlit ma’nolilik va aniq sabablarga asoslanganlik tuyg‘ulariga aloqadorligi bilan ruhlantira oladi. Bu tuyg‘u tashqi stimullar va moddiy manfaatlar bilan aloqador emas, ammo samarali natija berishi mumkin.

    Xulosa

    Haqiqiy yo’lboshchi, odamlarni buyruq orqali emas, ularni rag‘batlantirish va ilhombaxsh usullar orqali o‘ziga buysundirish qobiliyatiga ega bo’ladi. Rag‘bat shaxsga chuqur ta’sir etadi va berilgan motivatsiyaning aksi darrov ko‘zga tashlanadi.

    Rag‘batlantirilgan xodim noqulay sharoitga va hatto kam maoshga ham sabrli bo‘la oladi. Rag‘batlantira oladigan liderlar o‘z muxlislari, tarafdorlari, saylovchilari, doimiy mijozlari va sodiq xodimlari sonini borgan sari ko‘paytirib boradilar.

    Oddiy qilib aytganda, har qanday turdagi biznesni boshlashda siz faqatgina pul topishni maqsad qilsangiz bu ko’proq sizni “nima” savoliga javob beruvchi “mahsulot” yoki “xizmat” ishlab chiqarishga va sotishga olib boradi, aksincha, siz biznesingiz bilan bog’liq faoliyatni sevganingiz yoki ayni faoliyat bilan elu yurtga biror turdagi manfaat yetkazishni chin dildan istagan holda boshlasangiz va olib borsangiz, albatta, ayni faoliyatni yuritishingiz “nima uchun” savoliga javob beradi. Ayni faoliyat sizga ham savob ham xaridorlar e’tirofi va ham moddiy foyda va mashhurlik olib keladi.

    Admin
    About Admin
    “OLTIN HALQA” KUCHI YOXUD O‘ZINGIZGA “NIMA UCHUN” DEYA SAVOL BERING