• 0

by Admin

Ichki motivatsiya mahsuli – uchar mashina!

Biznesingiz siz xohlaganingizdek rivojlanmasa, buni qanday izohlaysiz? Biznes kishisining mablag’i bo’lsayu, lekin biror turdagi g’oyani, biznes yoki kashfiyotni amalga oshirishda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutsa, buning asosiy sababi nima bo’lishi mumkin? Nima uchun yuqori darajadagi bilimga ega va yaxshi maosh va’da qilingan olim va injenerlar guruhi insonni parvozini ta’minlovchi mashina – samolyotni kashf eta olmagani holda, birinchi guruh kabi shart-sharoit va mablag’ga va xatto oliy ma’lumotga ham ega bo’lmagan oddiy aka-uka Raytlar eng birinchi uchish mashinasi – samolyotni dastlabki modelini kashf eta oldilar? Ayni holat bilan bog’liq sizga qisman ma’lum va noma’lum sir mavjud! Maqolamiz sizga noto’g’ri yo’naltirilgan motiv va insoniyat tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan biriga sabab bo’lgan “ichki motiv” haqida ma’lumot beradi.

Pul muvaffaqiyatning garovi emas!
Mablag’ biznesda ijobiy natijalarga erishishda muhim rol o’ynaydi. Albatta, mablag’ biznes g’oya yoki kashfiyotni amaliyotga joriy etishning asosiy elementidir. Lekin, shunday holatlar ham mavjudki, moliyaviy rag’bat g’oyani rivojlantirishda yetarli bo’lmaydi. Ayni shunday holatni biz aka-uka Raytlar va Langlining uchar mashina (samolyot) g’oyasini ro’yobga chiqarishga urinishlari misolida ko’rishimiz mumkin bo’ladi.

Aslida uchar mashina ixtirosi bilan bog’liq shaxs Samuel Pirpon Langlidan haqida ko’p odamlar bilmaydilar. Tarixga bir nazar solsak, o’tgan asrning 20-yillarida insoniyatning parvozi xuddi ushalmaydigan orzu kabi edi. Juda ko’pchilik kishilar ushbu orzuni amalga oshirishga harakat qilar edilar. Samuel Pirpon Langlida insoniyatning ushbu orzusini amalga oshirish uchun tayyor muvaffaqiyat retsepti mavjud edi.

Agar siz biznesda muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan tadbirkordan “Qanday qilib sizning mahsulot yoki biznesingiz muvaffaqiyatsizlikka uchradi?” – deb so’rab ko’rsangiz, ko’pgina tadbirkorlar: “Mablag’im kamligi, noto’g’ri tanlangan xodimlar va yomon bozor sharoitlari”, – mazmunida javob qaytaradilar. Biznesda mag’lubiyat faqat shu uch narsagagina bog’liqmi? Keling, ayni masalani biroz chuqurroq tahlil etaylik.

Samuel Pirpon Langliga Mudofaa vazirligi tomonidan uchar mashina loyihasi uchun 50,000 AQSH dollari miqdorida mablag’ taqdim etilgan edi. Mablag’ bobida Langlida umuman muammo mavjud emas edi. Samuel o’zi Garvardda ishlar va shuning uchun fan va davlat arboblari bilan juda yaxshi aloqada edi. Shunday qilib, u o’zida mavjud mablag’ yordamida uchar mashina loyihasini amalga oshirish uchun eng kuchli mutahassislarni yolladi. Ayni davr bozor sharoitlari qoniqarli darajada edi va Nyu York Tayms gazetasi doimo Langlini atrofida edi.

Lekin nega biz Samuel Pirpon Langli haqida ko’p narsa bilmaymiz?

Ishonch asosidagi harakat
Bir necha mil uzoqlikda, ya’ni Deyton Ogayoda, hech kim tanimaydigan Orvill va Uilbur Rayt ismli aka-ukalar ham uchar mashina loyihasi ustida mustaqil faoliyat olib borar edilar. Ularda Langlida mavjud muvaffaqiyat retseptining xatto bir elementi ham yo’q edi. Ular o’zlarining orzusidagi loyiha uchun o’zlari yuritayotgan velosiped do’konidan kelgan daromaddan mablag’ sarflashar edi. Aytib o’tish kerakki, aka-uka Raytlarning guruhidan hech bir kishi kollej darajasiga ham ega emas edi; xatto, Orvill va Uilburlarning o’zlari ham.

Ammo, bu jamoa aniq maqsad va ishonch bilan tunu kun mehnat qilishar edi. Ular agar uchar mashinani ixtiro qilisha olsa, ushbu ixtiro butun dunyoda insonlar hayotini tubdan o’zgartirishiga ishonishgan.

Ayni jarayon Samuel Pirpon Langlida boshqacharoq bo’lgan. U uchar mashina loyihasi uni boy va mashhur qilishi haqida o’ylardi va shuning uchun, qanday qilib bo’lmasin, tezroq natijaga erishishga kuch berar edi. Taqqos aytganda, aka-uka Raytlarning chin dildan qilingan orzusiga ishongan jamoa a’zolari ham o’z ishlariga jonu dili bilan kirishgani holda, Langlining jamoasidagi kishilar ko’proq oylik uchun ishlashar edi.

1903 yili 17-dekabrda aka-uka Raytlarning uchar mashinasi o’z parvozini amalga oshirdi. Lekin ayni jarayon faqatgina aka-uka Raytlar jamoasi guvohligida yuz berdi. Ushbu kashfiyot to’g’risida omma bir necha kundan keyingina xabardor bo’ldi.

Langlini ichki motivatsiya bilan emas, balki noto’g’ri tashqi motivatsiya orqali harakati aka-uka Raytlarning mashinasi havoga ko’tarilgan kundayoq Langlini o’z loyihasini tark etganidan ham ko’rishimiz mumkin. U kashfiyotni guvohi bo’lar ekan, agar ichki motivatsiyasi chin bo’lsa: ”Bu ajoyib kashfiyot va men ushbu kashfiyotga hayrixohman”, – deya ta’kidlagan va aka-uka Raytlar jamoasiga qo’shilgan bo’lar edi. Ammo u birinchilardan bo’lolmadi, boylik va shon-shuhrat orttira olmadi va oxir-oqibat ayni loyihadan butunlay ketdi.

Ushbu maqola orqali ayni nima demoqchi ekanligimizni tushungan bo’lsangiz kerak. Insonda ichki motivatsiya juda katta rol o’ynaydi. Albatta, tashqi motivatsiya ham muhim. Lekin, mablag’ va shunga o’xshash tashqi motivatsiya omillari faqat kichik va oddiy loyihalar uchun ish beradi va mablag’ hamma vaqt ham har qanday muammoni yecha olmaydi. Demak, muvaffaqiyat kaliti doimo mablag’, to’g’ri tanlangan xodimlar va qulay bozor sharoitlari bo’la olmaydi. Agarki, siz, o’z biznes loyihangizga yuragingizni bermasangiz, oxir-oqibat ushbu loyihangiz sizga muvaffaqiyat emas, balki ko’proq muvaffaqiyatsizlik keltirishi mumkin.

Admin
About Admin

No Comments

Leave a Comment

Aka-uka Raytlar ixtirosi