• 0

by Admin

To’g’ri tanlangan brend nom va ayni brendning kelajakdagi kommunikatsiyasi (reklama uchun) byudjeti miqdori orasida bog’liqlik mavjud ekanligini o’ylab ko’rganmisiz?

Tadbirkor o’z faoliyatini boshlashi yoki mavjud firmalar mahsulot va xizmatlar bo’yicha yangi savdo markalarini ishga tushirishidan avval ayni faoliyat doirasida mos brend nom tanlash bo’yicha bosh qotirishlariga to’g’ri keladi. To’g’ri brend nom tanlashning sirlari nimada? Qanday qilib chiroyli brend nom shakllantirish mumkin? Tadbirkor nom tanlashda qanday xatolarga yo’l qo’yishi mumkin? Ushbu maqolada biz to’g’ri brend nom tanlash bo’yicha o’z bilimlarimizni sizlar bilan o’rtoqlashamiz.

Biznesda nom tanlash xuddiki yangi qurilayotgan uy uchun poydevor qo’yish kabidir. Agar uy poydevori birozgina noto’g’ri qo’yilsa, bu xatolik butun inshootga ta’sir qiladi. Agar siz biznesingiz uchun brend nom tanlash haqida fikr yuritayotgan bo’lsangiz, bu ishga, huddiki, uyingiz poydevorini qurishdagi kabi jiddiy munosabat bilan kirishishingiz lozim bo’ladi. Brend nom tanlashda ba’zi bir muhim jihatlar borki, bu jihatlarni e’tibordan chetda qoldirish mutlaqo mumkin emas. Brend nom tanlashdagi quyidagi muhim qoidalarni eslatib o’tamiz:

1-qoida. Hammaga birdek oson talaffuz qilinadigan nom tanlang.

Nom tanlashda xorijiy va davlat tilida oson talaffuz qilinadigan nom tanlash zarur. Qisqa, jarangdor va sodda nom odamlarga bu nomni eslab qolishi va uni to’g’ri talaffuz qilishi oson bo’lishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, oson esda qoladigan nom sizning bo’lajak mijozlaringizga sizning brendingizni tezda topib olishida qulaylik yaratadi.

2-qoida. Ism yoki familiyadan foydalanishdan saqlaning.

Bizga ma’lumki, ba’zi biznes kishilari brend nomini o’zining ismi bilan uyg’unlashtiradilar. Ayni turdagi brend nomlarning ba’zilari katta muvaffaqiyatga erishgan bo’lsa-da, shuni yodda tutish kerakki, qiyin talaffuz qilinadigan familiya yoki ismdan iborat bolgan brend nomlari kishilarning hayolidan tez ko’tariladi. Bundan tashqari, brend nomni shaxs ismi va familiyasi bilan nomlanishi kelajakda kompaniyani jahon bozoriga kengayishiga to’sqinlik qilishi mumkin. “To’xtaniyoz ota”, “Zebiniso ona” kabi brend nomlarining horijiy fuqarolar uchun talaffuz qilish va eslab qolish uchun qay darajada qiyin ekanligini tasavvur qilib ko’ring-a?

3-qoida. Tanlangan brend nomining boshqa tillardagi ma’nosiga e’tibor qarating.

Brend nomi biron bir noxush voqealar yoki yomon taassurotlar bilan bog’liq bo’lishining oldini olish lozim. Masalan, biron bir mahsulotga yoki kompaniyaga nom berilgan bo’lsa-yu, boshqa tilda ham xuddi shunday so’z mavjud bo’lib, uning ma’nosi salbiy bo’lsa, u holda, ushbu nomdan foydalanish tavsiya etilmaydi.  Bu turdagi tanlov ayni biznesning o’sha davlat yoki butun dunyo miqyosiga chiqishiga to’sqinlik qiladi. Masalan, Nyu-Jersidagi Enco Standart Neft (Enco Standard Oil) kompaniyasi Yapon bozoriga chiqishda o’z nomini “Exxo”ga o’zgartirishiga to’g’ri kelgan. Sababi, aniqlanishicha, yaponchaga Enco so’zining aytilishi yapon tilidagi “to’xtab qolgan dvigatel” degan ma’noni anglatar ekan. Shuning uchun, nom tanlayotganda yaxshi tasavvur bilan bog’liq nom tanlash kerak, hamda bunday so’z boshqa tillarda qanday ma’noga ega bo’lishi mumkinligini aniqlash lozim.

4-qoida. “Harflar o’yini” usulini ham e’tibordan chetda qoldirmang.

Harflar talaffuzi va jarangdorligiga ko’ra bir-biridan ajralib turadi. Expedia, Zillow va Glassdoor brendlari asoschisi Richard Barton nom tanlashda harflarning esda qolish xususiyatlari va darajalarini o’rganib chiqqan. Quyidagi alfavitdagi har bir harfning qarshisidagi son o’ziga tegishli harflarning insonlar esida qolish darajasini ko’rsatadi. Masalan, biz eng yuqori darajali harflarni boshqa harflarga nisbatan kamroq foydalanamiz, kamyob narsalar esa inson xotirasida tez saqlanib qolish xususiyatiga ega. Shuning uchun, biron kompaniyaga nom tanlashda Barton oddiy, lekin juda samarali taktikadan foydalanadi; u darajasi eng yuqori bo’lgan harflar birikmasini ishlatadi. Uning aytishicha, Q, J, K, Z harflari kam ishlatiladigan harflar bo’lib, brend nom tanlashda ushbu harflardan ko’proq foydalanish tavsiya etiladi.

5-qoida. Brend nomi mahsulot va hizmatlar hususiyatiga mos bo’lishi lozim.

Brend nomingizni eshitgan odam siz qaysi sohada faoliyat yuritishingizni bilib olishi oson bo’lsin. Boshqacha qilib aytganda, brend nomi mahsulot yo’nalishi bilan bog’liq bo’lishi, mahsulot sifati va afzalliklariga urg’u berishi kerak. Masalan, oziq-ovqat saqlanadigan qopchalar ishlab chiqaradigan kompaniya oziga Food Saver (Oziq-ovqat Saqlagich) deb nom bergan. Yoki “Korzinka” brend nomini eshitganda, bevosita iste’mol savatchasi bilan mantiqiy bog’lash va biznesni chakana savdo bilan bog’liq ekanini taxmin qilish mumkin.

6-qoida. Moslashuvchan nom tanlang.

Yuqorida aytib o’tilgan qoidaga biroz teskari bu qoida bir turdagi sohada faoliyat ko’rsata turib kelajakda boshqa yangi turdagi faoliyat turi bo’yicha kengayishni reja qilgan tadbirkorlar uchun taaluqli.

Albatta, nom tanlashda biznes kishilari o’zlarining kelajagidagi faoliyati qanday strategiya bo’yicha borishini chuqur ko’rib chiqishi kerak. Jumladan, agar biron-bir kompaniya bir sohada faoliyat ko’rsata turib, kelajakda boshqa yangi sohadagi faoliyatlarga qo’shilmoqchi bo’lsa, u holda brend nomi “moslashuvchan”, ya’ni brend nomi va ma’nosi nafaqat birinchi turdagi sohani balki rejadagi boshqa sohalarni ham o’z ichiga qamrab olishi darkor. Masalan, barchamizga ma’lum bo’lgan elektron kitoblarni onlayn sotuvi bilan o’z faoliyatini boshlagan Amazon.com kompaniyasi hozirda nafaqat kitob, balki, boshqa turdagi buyumlarni ham onlayn sotish bilan shug’ullanadi. Endi, o’ylab ko’raylikchi, agar u o’z brend nomini Amazon.com emas balki Bookstore.com (Kitobjavoni.com) deb nomlaganida, u keyinchalik kiyim-kechak va uy jihozlarini ayni brend nom ostida sota olarmidi? Shuning uchun, agar biznes faqat bitta brend nomi ostida ishlamoqchi bo’lsa ushbu qoidaga qat’iy rioya qilishini lozim.

7-qoida. “7 harf” qoidasiga amal qiling.

Yana bir aytib o’tilishi kerak bo’lgan jihat bu brend nomida harflar 7 tadan oshmasligi lozimligidir. Masalan, LG , ARTEL, SAMSUNG, FORTA, ZIPWOLF kabi brend nomlari harflari  soni jihatidan to’g’ri tanlangan va shuning uchun ular uzun va eslab qolish qiyin bo’lgan brend nomlari qatoriga kirmaydi. Sizning kompaniyangiz muvaffaqiyat qozonib, kelajakda barchaga taniqli bo’lishini istasangiz, brend nomingiz esda qolarli, jarangdor va qisqa bo’lsin.

8-qoida. “Uyqash so’zlar” qoidasiga amal qiling.

So’nggi qarab o’tilishi joiz bo’lgan jihat bu brend tanlanyotganda uyqash so’zlarni ishlatish qoidasidir. Uyqash so’zlar o’zi nima? Bu ikki so’zdan iborat bir-biriga talaffuzda o’xshab ketadigan so’zlardir. Ko’pgina mashhur dunyo kompaniyalarining muvaffaqiyatga ega bo’lganliklarining sababi bu brend nomida uyqash so’zlarni ishlatilgani va shu asosda brend nomining jarangdor va odamlarga yaxshi kayfiyat ulashuvchi xususiyatga ega bo’lgani hisoblanadi. Keling, bir tarixga nazar tashlaylik. Dunyodagi eng mashhur ichimlik ishlab chiqaruvchi Coca-Cola kompaniyasi 8-may 1886- yilda doktor Pemberton tomonidan yaratilgan. Kompaniya asoschisi brend nomi tanlashga jiddiy yondashgan; brend nom uchun uyqash so’z ishlatish taklifi Janob Pembertonning hisobchisidan chiqqan. Frank M Robinson: “Ikkita C harfi reklamada juda yaxshi ko’rinadi”- deya ta’kidlaydi. Ushbu kompaniyaning bugungi kundagi muvaffaqiyati o’zingizga ma’lum.

Xulosa qilib aytganda, biznes yuritishning har qaysi sohasida o’ziga xos qoidalar mavjud. Brend nomini tanlashda mavjud qoidalarga amal qilish muhim. Qoidalarga amal qilmasdan tanlangan brend nomi uzoq muddatli davrda muammolarga olib kelishi va shu bilan birga, brend nomni xaridorlarga tanitish jarayonida juda katta reklama byudjetini sarflanishiga sabab bo’lishi mumkin.

Admin
About Admin

No Comments

Leave a Comment

Brend nom tanlash yuzasidan mutaxassis tavsiyalari