• 0

by Admin

Richard St. John dan “Muvaffaqiyatli kishilarning 8 umumiy xususiyati”

Har bir insonning muvaffaqiyat sari yo’li o’ziga xos bo’lishi mumkin, lekin dunyodagi barcha mashhur va muvaffaqiyatli kishilarning umumiy o’xshashliklari mavjud. Richard St. Johnni mashhur va muvaffaqiyatli kishilarning umumiy muvaffaqiyat sirlarini o’rganishga undagan holat bir necha yil avval samolyotda kambag’al oiladan bo’lgan bir qizning undan aynan nima kishini muvaffaqiyatga eltadi mazmunidagi savoli bo’lgan edi. Richard ushbu savolga javob bera olmaganidan ayni paytda tushkunlikka tushdi va o’z safaridan qaytgach, dunyoning 500 dan ortiq eng muvaffaqiyatli kishilari bilan olib borgan 7 yillik intervyulari natijasida samolyotdagi shu kichik qizning savoliga javob tayyorladi. Richard muvaffaqiyatga erishishning 8 sirini batafsil, misollar bilan, qisqa va lo’nda qilib tushuntirib o’tadi. Ayni javobni biz bugun sizlarga “Muvaffaqiyatli kishilarning 8 umumiy xususiyati” rukni ostida havola etamiz.

1. Muvaffaqiyatli insonlar o’zlarining mashg’ulotlariga nisbatan mehr bilan yondashishadi.

Richard: “Agar siz biror faoliyatga mehr bilan yondoshsangiz, albatta, pulning o’zi sizning qo’lingizga keladi.” – deya tushuntiradi. Uning aytishicha, dunyoda ikki xil odamlar turi mavjud bo’lib, ularning biri jangchi bo’lsa, ikkinchisi esa izlovchidir. Jangchilar bolaligidanoq nima qilish kerakligini bilishadi va ayni shunday qilishadi ham. Lekin ko’pchilik insonlar izlovchilar qatoriga kirishadi. Ular biror faoliyatni yaxshi ko’rishsada, umrining ko’p qismida ayni faoliyatni izlab o’tishadi. Muallifning aytishicha, o’z qiziqishingizdagi ishni topganligingizni aniqlash uchun o’zingizga bitta savol berishingizning o’zi kifoya ekan: “Men shu ishni tekinga bajargan bo’larmidim?”. Agar siz “ha” deya tasdiq javobini bersangiz, demak siz o’zingizga yoqadigan ishni topgansiz. “Hamyoningizni emas, qalbingizni tinglang”, – deya ta’kidlaydi Richard, – “shunday qilsangiz, oxir oqibat, hamyoningiz ham ‘shod’ bo’ladi.”

2. Muvaffaqiyatli insonlar ko’p mehnat qiladilar lekin ishidan zavqlanishadi.

Richard suhbatlashgan ko’pchilik omadli kishilar juda ko’p soat ishlashlarini ta’kidlashadi; masalan, ko’p hollarda ertalabki 5 dan kechasi 9 gacha. Ammo ular o’z ishlaridan zavqlanishadi va astoydil ishlaydilar. Alek Gardenning aytishicha: “Muvaffaqiyatga ega bo’lish uchun burningizni bir joyga qo’yib o’sha ish ustida yaxshilab ishlashingiz kerak. Bu yerda boshqa hech qanday sehr yo’q.”

3. Muvaffaqiyatli insonlar diqqatini bir joyga jamlaydilar.

Omadli bo’lish ma’lum bir sohada faoliyat ko’rsatib, o’z-o’zini shu sohada rivojlantirish demakdir. Muvaffaqiyat uchun butun xaritani emas, balki, aniq bir joyni yaxshilab o’rganish lozim. Albatta, birinchi navbatda keng o’ylashingiz va keyin fikrlaringizni jamlab, ma’lum bir sohaga e’tibor qaratishingiz lozim. Muallifning aytishicha, bizda million-million g’oyalar mavjud; ammo ularning har biriga erishishning o’z qiyinchiligi bor. Norman Yuvinsonning fikricha, barchasi fikrni bir joyga jamlab, diqqat bilan ishga kirisha olishga bog’liq.

4. Muvaffaqiyatli insonlar qulayliklardan voz kechishadi.

Richard Branson: “Hayotda amalga oshirayotgan har bir ishimiz marralar sari intilishga asoslangan.”- deya ta’kidlaydi. Uning fikricha, insonlar o’zining qulay o’rinlaridan turib, shubha va uyatchanlikni yengib marralar tomon harakat qilishi kerak.

Muvaffaqiyat sari intilishingizga yordam beruvchi bir nechta omillar mavjud:

  1. Sizni harakatga undaydigan aniq maqsadga ega bo’lishingiz;
  2. Sizni harakatga undaydigan qiyinchiliklarning mavjud bo’lishi;
  3. Sizni harakatga undaydigan maqsadga erishish muddatining mavjudligi;
  4. Hissiyotlaringizni nazoratga olishingiz;
  5. Sizni harakatga undaydigan kishilarni atrofingizga yig’ishingiz;
  6. Sizni harakatga undaydigan raqobatning bo’lishi;
  7. Sizni harakatga undaydigan ustozning bo’lishi.

5. Muvaffaqiyatli insonlar yangi g’oyalarni hayotga tadbiq etadilar.

Fikr va g’oyalar muvaffaqiyat sari olib boruvchi yorug’likdir. Buyuk g’oyalarga quyidagi 8 yo’l orqali chiqib borish mumkin.

  1. Avvalo, har bir kishida ma’lum bir muammo bo’lishi kerak, chunki muammolar buyuk g’oyalarni olib keladi.
  2. Yaxshi kuzatuvchi bo’ling, chunki ba’zida kuzatuvchanlik aql-zakovatdan ko’ra yaxshiroq yordam berishi mumkin.
  3. Eshiting – quloqlar g’oyalar antennasidir.
  4. Savollar bering va o’zgalardan ma’lumot yig’ing.
  5. Kimningdir g’oyasidan foydalanib unga o’z fikrlaringizni qo’shish orqali yangi g’oya yarating.
  6. Fikrlar orasida aloqalar yarating, bir fikrni olib boshsiqa ulang.
  7. Xato qilishdan qo’rqmang, chunki xatolar va mag’lubiyatlar buyuk g’oyalarga olib boradi.
  8. O’z g’oyalaringizni yozib boring.

6. Muvaffaqiyatli insonlar doim harakatda bo’lishadi.

Jo Krauzga ko’ra doim harakatda bo’lish muvaffaqiyatga erishishning birinchi sababidir. Albatta, kimdir agar katta muvaffaqiyatga erishmoqchi bo’lsa, har bir sohada rivojlanishga intiladi: ishida, rejasida, mahsuloti va xizmatlarida. Eskidan qolgan “Ko’p ishlash komillikka yetaklaydi” iborasi mashhur basketbol murabbiysi Jon Vudenning asosiy shioridir.

7. Muvaffaqiyatli insonlar o’zgalarga xizmat qiladi.

Richard ayni vajda Shervin Nyulandning bir shiorini eslaydi: “Menga doktor bo’lib xizmat qilish katta imtiyoz bo’ldi.”

Richardning so’ziga qaraganda, ko’p bolalar millioner bo’lishni xohlashadi. Ammo haqiqat shundaki, siz o’zingizga xizmat qila olmaysiz – siz boshqalarga xizmat qilib, haq olasiz. Mana shu yo’l orqaligina insonlar boy bo’lishi mumkin.

Inson o’zidan: “Men kimga xizmat qilyapman?” – deb so’rashi kerak, chunki ba’zi odamlar sizdan faqat foydalanib qolish istagida bo’lishadi. Kimga xizmat qilishingizni aniqlaganingizdan so’ng qanday betakror xususiyatni taklif qila olishingiz haqida o’ylang. E’tiborni o’zingizga emas, balki o’zgalarga yo’naltirishingiz kerak. Qisqa qilib aytganda, faoliyat borasida nimani yaxshi ko’rsangiz shu faoliyat bilan shug’ullaning, o’zgalarga ular yoqtirgan xizmatni qiling va buning evaziga pul oling.

8. Muvaffaqiyatli insonlar muvaffaqiyatsizliklarga bardoshlidir.

Muvaffaqqiyatga to’g’ridan to’g’ri erishib bo’lmaydi, unga sabr bilan tinimsiz izlanish natijasida erishish mumkin. Richard Jon intervyularidan xulosa qilib shuni aytadiki, muvaffaqiyatga erishish uchun kamida 10 yil mehnat qilish, ter to’kish lozim. Yana ta’kidlab o’tish kerakki, xatolikka yo’l qo’yishning oldini olib bo’lmaydi. Siz muammoni qanday yechishingiz sizning kelajakdagi muvaffaqiyatingizni belgilab beruchi omillardan biridir.

Admin
About Admin

No Comments

Leave a Comment

Muvaffaqiyatli kishilarning 8 umumiy xususiyati